2023-yil 3-iyulda Nevada shtatida Yuliya Zaporojan va Viktor Balan tomonidan asos solingan StageWise Strategies Corp. (STWI) dastlab raqamli marketing, SEO va sun'iy intellekt vositalari ishlab chiqishga ixtisoslashgan edi. Shtab-kvartirasi Berlinda joylashgan ushbu korporativ qobiq-kompaniya AQSHning OTC Markets tizimida ro'yxatdan o'tgan bo'lib, o'z aksiyalarini ilk bor 0,03 dollardan ommaviy savdoga chiqargan. Biroq birjada faol savdolar deyarli kuzatilmagan va narx sun'iy ravishda 40-50 sent atrofida saqlanib turgan.
Kompaniyaning moliyaviy ko'rsatkichlari to'liq inqiroz holatini ko'rsatar edi. 2024-yilda daromad 9,007 dollarni, 2025-yilda esa 95,409 dollarni tashkil etgan. 2025-yil yakuni bo'yicha sof zarar 74,758 dollarga yetgan va umumiy to'plangan kamomad 112,364 dollarni tashkil qilgan. 2026-yil mart holatiga ko'ra, kompaniyaning hisob raqamida naqd pul qolmagan. Auditorlar kompaniyaning kelgusidagi faoliyatiga rasman shubha Going Concern Risk bildirib, u faqat direktorlarning foizsiz qarzlari hisobiga ishlayotgani va ichki nazorat tizimi mutlaqo ishdan chiqqanini qayd etishgan.
Ushbu moliyaviy qiyinchiliklar fonida, o'zbekistonlik tadbirkor va Toshkentda joylashgan "Tourism and Entertainment Group" (TEG) xoldingi asoschisi Jahongir Ortiqxo'jayev 2026-yil 5-iyunda 750,000 dollar shaxsiy mablag'i evaziga kompaniyaning 3,000,000 dona (74,2%) aksiyasini sotib oldi. Tranzaksiya yakunlanishi bilan barcha oldingi ofitser va direktorlar iste'foga chiqdi, boshqaruv to'liq yangi investor tanlagan jamoa qo'liga o'tdi.
Ushbu xaridning iqtisodiy mantiqiy asosi startapning texnologik xizmatlarida emas, balki uning AQSH moliya tizimidagi "yuridik qobig'i" statusida edi. SEC tekshiruvlaridan o'tgan bunday tayyor qobiq kompaniyalarning bozordagi real bahosi 500,000–1,000,000 dollar atrofida bo'ladi. Agar TEG xoldingi AQSH birjasiga an'anaviy IPO orqali chiqqanida, auditor va yuristlar xizmati uchun kamida 3-5 million dollar va bir necha yillik vaqt yo'qotgan bo'lar edi. StageWise'ning "teskari birlashuv" usulida sotib olinishi eng tezkor va arzon muqobil eshik vazifasini o'tadi.
2026-yil 6-oktyabrda navbatdagi strategik qadam tashlandi: StageWise va TEG o'rtasida aksiyalar almashinuvi to'g'risidagi bitim (Share Exchange Agreement) imzolandi. Kelishuvga asosan, StageWise TEG SPV'ning 99.99999012% aksiyasini sotib oladi. Evaziga sotuvchilarga (TEG va Irodaxon Abduvahitova) 183,098,434 dona aksiya chiqarib beriladi. Bitim kamida 18 million dollarlik parallel moliyalashtirish jalb qilinishi va O'zbekistondagi ro'yxatga olish shartlari bajarilgach to'liq yopiladi hamda TEG SPV biznesi StageWise'ning asosiy faoliyatiga aylanadi.
Bitim yakunlangach, StageWise muomaladagi aksiyalari soni 188,142,768 donani tashkil etadi.




